Tuesday 2 November 2010

O'ylarim...

Men Sardor Rahimxonning ashaddiy muxlisi emasman. Ming afsus. Har xolda, ko'p narsalarga beetiborroq bo'larmidim.. Uning "Hayot" deb nomlangan bir qo'shig'i meni o'yga toldirdi. Ohang juda yengil va quloqqa yoqimli, eshitimli...

Qo'shiq matni hayot mazmuni, undagi do'stlik, muhabbat, ishonch va sadoqat kabi yuksak tuyg'ular Sardorning yoshiga mos bo'lmagan, maslahatomuz ohangda tarannum etiladi... Muhimi bu emas... Meni o'ylantirgan narsa qo'shiq matnidagi boshqa jihat.

Bevafo yorlar, sevgi qadrini bilmaganlar, do'stlik rishtalarini oyoqosti qilganlar ketidan minglab, millionlab she'rlar, kitoblar, asarlar, kuylar va qo'shiqlar yaraladi..

Sevib, sevilmaganimiz uchun bizni seva olmagan yurakdan hafa bo'lamiz, biz qattiq e'zozlab, ko'klarga ko'targan insonlardan munosib javob ololmagach, yanada kuyunamiz... qarzini qaytarishdan qochib, telefon raqamlarini bir zumda o'zgartirib yuborgan "qadrdon" oshnalar, ishlaring yurishmaganda, "Balodan nari" qabilida yashagan kishilar... Hmm, bu ketma ketlikni beadad davom ettirish mumkin... To'g'rimi? Eng qiziqarlisi, kimga ahamiyati bor bu insonlarning... va ulardan qolgan og'riqli xotiralarning...?

Inson qalbi mutlaq baxtni ko'tara olmasligi haqidagi aqidaga juda ko'p amal qilib yashadim... Iztirobsiz hayotdan qochdim, o'zimni ozgina daxldor deb bilgan ijod olamiga intilish va uni faqat o'zimga xos tarzda talqin etish (gohida qanchalik bema'ni tuyulmasin)va o'zim haqiqiy deb bilgan qadriyatlar evaziga qurilgan poydevorga sodiq qolishni muhim deb bildim... Munosabatalrimdagi ahamiyatli va ahamiyatsiz odamlar... yoxud hayotimga ahamiyatli bo'lib kirib, o'z ahamiyatini yo'qotib, yalang'och chiqib ketgan yuraklardan hafa bo'lardim... Va uzoq vaqt kek saqlab yurardim... Juda uzoq...

Bugunning falsafasi biroz o'zgargandek go'yo, men adashayotgan bo'lishim mumkin... Bizga berilgan og'riq yuki uchun norozilik hissi bor vujudimizni qamrab olganda, gina-qudrat yordamga shoshadi, do'stlarimizdan o'pkalab, o'zimizdan qahramon yasab, bo'lgan voqeani yana birovlarga uzundan uzoq hikoyalar qilib beramiz...

Aslida oqayotgan suv qanchalik ko'p toshga urilsa, shunchalik toza bo'ladi, deyishgan ekan. Bizga otilgan har bir toshdan qolgan og'riq - o'ziga bas kela oladigan choraga zamin yaratarkan. Bu chora esa, yangi kuch manbaiga aylanadi.. Ana o'shandan keyin, har bir sinovli damdan orttirayotganimiz sabr, matonat va iroda astoydil mustahkamlanib boraveradi.

Endi o'zingiz o'ylang, biz hozirgacha yuragimizda ko'tarib yurgan ginaning og'ir yukidan qanchalik voz kechmas ekanmiz, uning o'rniga kelishi lozim bo'lgan xayrli fazilatlar shunchalik kechikaverarkan.

Shu o'rinda, sevimli qahramonim Askanio aytgan mana bu gapni eslayman:"- Do'stim, qo'ying endi, Yurakniyam ezg'ilab yubordingizku?! Uni qiynamang, u ham o'sishga, sizning bechora va xunukkina siyratingizdan yaxshiroq va teranroq, hech bo'lmaganda nisbatan baxtliroq inson suratini chizishga haqli..."