Monday 30 July 2012

Lahzada umr


Lahza betakror. Hayotimizning deyarli asosiy qismini o’z hukmiga osonlikcha bo’ysundirgan har qanday vaqt oralig’ini bu his bilan izohlash menimcha – jinoyat. 

Umrimiz keluvchi va ketuvchi tuyg’ular, kelguvchi va abadiy qoluvchi taassurotlar bilan o’tib borar ekan, uning fojeali darajadagi kichik zarrasinigini lahzaga tenglashtirish mumkin. Bu vaqt mas, bu tiriklik belgisi bo’lgan iztirob va yoki sog’inch ham emas. Bu shunchaki favqulotda shuurimizda jonlanadigan va uni astoydil anglab yetgunimizga qadar yana sarob misol g’oyib bo’ladigan oniy borliq. 

Qanchadan qancha yuraklarni, millionlab umrlarni qattiq dovul zulmiga uchragan qum zarralari kabi har tomon kun payakun qilishga qodir vaqt uning oldida bosh egadi. Uning oldida o’ta ojiz. U shunchalik qudratliki, uning oldida yuraklar ham, zulmat bag’ridan kelgan dard va nurli sayyora elchisi – sog’inch ham sukut saqlaydi. Hamma gap – u paydo bo’lgan oniy nafasda uni imkon qadar ilg’ab qolishda. Ulgurish kerak. Umrning choragi faqat u haqdagi o’y-hayollar bilan o’tdi-ketdi. Muhimi, bu yog’iga – uning borligiga hech bo’lmasa iymon keltirish uchun idrok va yorug’lik hissini anglab ulgursam, bo’lgani.