Uzoq vaqt
qo’limga qalam ola olmadim. Hozir ham yozsammi, yozmasammi qabilida oppoq
sahifaga tikilib o’tiribman. Kechagina o’qigan bir yozuvchimning yon
daftaridagi bir kichik eslatmaga ko’zim tushib ketdi. Unda katta harflar bilan
“Tafakkurdagi tiniqlikka intil” deb yoz\ib qo’yilgan ekan. Tafakkurdagi
tiniqlik haqida falsafa so’qishdan avval hammasidan eng oddiyi – tiniqlik
haqida o’ylab ketdim.
Unchalik
oson emas ekan u haqda o’ylash. Nima o’zi u? Hamma haqida hukm chiqarish
illatidan qochib, o’zimning o’ta jo’n bo’lsa ham, shaxsiy tasavvurimga murojaat
qilaman. Tiniqlik bu – moviy osmon, ezgu hislar, bezavol tabiat, siniqlik
belgisi tushib ulgurmagan tabassum, ona mehri, og’ir damingda suyanganing
do’stingning yelkasi, qo’rqib ketganda qo’lingdan mahkam ushlab, “Men
yoningdaman” deya qulog’ingga shivirlab aytilgan xitob.. Xullas, adoqsiz davom ettirish mumkin bu
yog’ini.
Sizning
tasavvuringizda mana shu tiniqlik yana yuzlab boshqa timsollarda shakllanishi
mumkin. Muhimi – endi asosiy vazifa. O’sha o’zimiz o’ylab, chizib, bo’yab yoki
bo’yab ulgurmaganimiz – tiniqlik, yoki u deb o’ylaganimiz, va u deb
nomlaganimizni tafakkurga ko’chirish. Hamma gap ana shunda, menimcha.
Tasavvurda buning hammasi oson. Lekin, huddi tiniqlikni ko’chirmoqchi
bo’lganimiz o’sha tafakkurning o’zida ham tiniqlikka qarama qarshi bo’lgan
boshqa bir kuch yastanib yotadi. Uni yengib o’tish, uni o’z joyidan siljitib,
tiniqlikka yo’l ochish – juda mushkul.. Biroq adolat tarozusini teng qo’yish
kerak. Siz unga ham quloq solib ko’rsangiz, uning ham dardi bor. Bu – aldangan damlarimiz, armonga aylanib qolgan
ozrular, yolg’onchi marazlar, sotqin do’stlar, ko’kraging bilan himoya
qilganingda orqangdan pichoq sanchgan masxaraboz yaqinlar, kungaboqar
birodarlar… bularning hammasi misli bir yara, va eng muhimi, gohida hattoki
tiniqlikdan ham katta og’irlikka ega. Xushyor bo’lmasak, tortib ketadi..
Kafka bunga
yechim taklif etadi. Uning aytishicha, miyada va tafakkurda qanchalik dahshat
hukmron bo’lmasin, uning bizga real bir
havf solishi uchun yurakdan miyaga quyiladigan qon va tiriklik bongi ham unga
hizmat qilishi kerak. Demak, kalit bizning qo’limizda. Yurakni har doim ham
miyaga tobe’ qilib qo’ymasak, bo’lgani. Yurak chaqirig’iga tez-tez quloq solib
turish kerak ekan.. Achinarlisi, tafakkurga tomon intilayotgan
bechora tiniqlikning yolg’iz posboni ham shu – yurak. Qaniydi uni tinglash va anglash baxti hammaga birdek nasib etsa...
1 comment:
O'qidim.Bayon qilishning soddaligi va kishi qalbiga kirib borishi bilan diqqat e'tiborimni tortdi. :) (Y)
Post a Comment